Yangiliklar
20 milliard dollar va 50 ming ish o‘rni: Qashqadaryoga ulkan vazifa qo‘yildi
Bu haqda aytilgan Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha yig‘ilishda.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha viloyat respublikada yettinchi, xizmatlar bo‘yicha — to‘qqizinchi, qishloq xo‘jaligi va qurilish hajmi bo‘yicha — o‘n birinchi o‘rinda turadi. Prezident ta’kidlashicha, agar tuman hokimlari va banklar «bilimga — rag‘bat, mehnatga — imkoniyat, tashabbusga — ko‘mak» muhitini yaratsa, Qashqadaryo bir-ikki yil ichida eng ilg‘or hududlar qatoriga kirishi mumkin.
Sanoatda yangi bosqichga o‘tish uchun viloyatda resurslar yetarli. Gaz, elektr energiyasi va foydali qazilmalarni daromadli ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
GTL zavodida qiymati 300 million dollar bo‘lgan uchta yirik loyiha tayyor. Zavodda olinadigan 430 ming tonna nafta asosida yangi polimerlar va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 1,5 milliard dollarlik loyihani amalga oshirish mumkin. Dehqonobod kaliy zavodi quvvatini 365 ming tonnadan 600 ming tonnagacha oshirish imkoniyati bor, kichik tonnajli kimyoda esa 830 million dollarlik 30 dan ortiq loyiha taklifi mavjud.
Viloyatga biriktirilgan loyiha menejeri va boshqa mas’ullarga 20 milliard dollarlik loyihalarni qamrab oladigan hamda 50 mingta ish o‘rni yaratishni nazarda tutadigan uch yillik dastur tayyorlash topshirildi.
Manba